Перейти к содержимому
Поиск в
  • Дополнительно...
... bo‘yicha natijalarni qidirish
Natijalarni qidirish
  • Mahfuza
    Mahfuza

    Kitobxon ehtiyojini qondiryapmizmi?

    Kitob – beminnat ustoz. U bizni har lahza donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi. Darhaqiqat, kitoblar buyuk moʻjizadir, ular beminnatlik bilan bizlarni oʻz sehrli olamiga eltadi. Oʻsha olamning chashmalaridan esa ziyo tomib turadi. Undan tatib koʻrgan insonlar faqatgina odamiylik va ezgulikni maqsad qiladi.

    Bugungi kunda yurtimizda kitoblar saviyasi va noshirlik ishlariga ham yetarlicha eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida” 2017 yil 13 sentyabrdagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida bugun Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligining katta majlislar zalida “Noshirlik ishi: kitoblarning badiiy uslubiy saviyasi, kitobxon ehtiyojini qondirish borasida taklif va tavsiyalar” mavzuidagi amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – kitobning jamiyatimiz maʼnaviy-maʼrifiy hayotidagi oʻrnini mustahkamlash, buyuk ajdodlarimizning yorqin xotirasini, zamonamiz qahramonlari timsolini haqqoniy va xalqchil aks ettiruvchi adabiyotlar salmogʻini koʻpaytirish, mutolaa madaniyatini oshirishdan iborat.

    Konferensiyada Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi masʼul xodimlari, ijodkorlar, noshirlar, adabiyotshunoslar, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan nashriyotlar vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

    Konferensiya davomida ishtirokchilar bilan kitoblarning badiiy va uslubiy saviyasi, kitobxon ehtiyojini qondirish borasidagi muammo va yechimlar yuzasidan savol-javoblar, taklif va tavsiyalar berildi.

    - “Bizda yomon yozuvchilar va qoniqarsiz yozilgan asarlar boʻlishi mumkin, biroq oʻsha saviyasiz asarlarni kitob holida dunyo koʻrishida, ularning oilamizga, javonlarimizga kirib kelishida, eng ogʻriqli tomoni, farzandlarimizning qoʻliga tushishiga kim sababchi? Albatta biz va noshirlarimiz sababchi boʻlyapmiz. Avvalo aybni oʻzimizdan izlaylik, saviyasiz, oʻqishga munosib boʻlmagan kitoblarni chop etishdan voz kechaylik. Agarda chop etishga arzigulik asar topolmasak, hech boʻlmasa, yozuvchilarimizga oʻsha yaxshi gʻoyalarni beraylik, ularga yaxshi asarlar yozdiraylik. Nuqul moliyaviy tomondan foydamizni oʻylab, duch kelgan kitoblarni chop etib, xalqqa tarqatavermasdan ozgina farzandlarimizning maʼnaviyati, ularning tarbiyasi haqida ham qaygʻuraylik”, – deydi Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriyev.

    Darhaqiqat, kitoblarimiz shu qadar mukammal boʻlsinki, barcha qatlamdagi kitobxonning bundan koʻngli toʻlsin. Avvalo, ayrim noshirlarimizda, ming afsuski, oʻz kasbiga nisbatan masʼuliyat yetishmayapti, yaʼni, mazmun-mohiyati sayoz, gʻij-gʻij xatolarga toʻla kitoblarni ham bemalol xalq hukmiga havola etishmoqda. Haqiqiy isteʼdod egalarining emas, balki pulini oldindan toʻlab qoʻyganlarninggina kitoblari oʻquvchilar qoʻliga yetib bormoqda. Tanilib ulgurmagan, ammo ayrim taniqlilardan koʻra ancha saviyaliroq yozayotgan ijodkorlarni xalqimizga kim tanishtiradi? Yoki boʻlmasa, oʻzini ilmga bagʻishlab, pul topishga vaqti boʻlmagan ayrim olimlarimizning-da kitoblari nashriyotlarda chang bosib yotibdi. Ular yozayotgan ilmiy asarlar maʼnaviy mulkimiz, biz esa oʻz mulkimizga loqaydlarcha qaramayapmizmi? Har bir noshir ushbu savollarni oʻziga berib koʻrsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

     

    27916136_2018-11-1620_08_17.thumb.jpg.86ed94ebf617ad3a62a2527dfb1e3f83.jpg

     

    Shuningdek, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi boʻlim boshligʻi Muhiddin Omonov bugungi kun noshirlarining eng oqsayotgan jihatlaridan biri boʻlmish kitoblarning yuzi boʻlgan muqovalarga yetarlicha yondashilmayotganligi va bu sohada mutaxassislar kamligi haqida toʻxtalib oʻtdi. Nashriyotlarda faoliyat yuritayotgan yosh dizaynerlarning ustoz-shogird anʼanalarini davom ettirib, ushbu sohani mukammal egallashlari lozimligi taʼkidlandi va ishtirokchilarga mahoratli grafik dizayner Bahriddin Bozorovning ijodiy ishlari, uning yaratgan kitob muqovalari namoyish etildi.

     

    2077288116_2018-11-1620_08_22.thumb.jpg.48caa20cef54c23cc2c187f039b319c5.jpg

     

    Bugungi kunda zamonaviy kitobxon ehtiyoji va uni qondirish borasida noshirlar oldidagi dolzarb vazifalar xususida soʻz olgan Akademnashr nashriyoti direktori Sanjar Nazarov, jumladan shunday dedi:

    - “Hozirgi kunda zamonaviy kitobxonning ehtiyoj va talablarini anglash murakkab. Axborot texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan davrda oʻquvchi injiq boʻlib qolgan, yaʼni ularga oddiy kitobni oʻqish baʼzida qiziqarli emasdek tuyuladi, chunki hozirda ovozli, yaʼni, audiokitoblar, 3D formatdagi yangicha kitoblar, maxsus qurilmada oʻqishga moʻljallangan elektron kitoblar, bolalar uchun oʻynab oʻqish mumkin boʻlgan oʻyinchoq kitoblargacha yaratilmoqda. Hatto shunday zamonaviy kitoblar bizda ham chop etilishi yoʻlga qoʻyilyapti. Bu degani, oʻquvchining ehtiyoji zamon bilan birgalikda rivojlanib bormoqda. Bu ham, qaysidir maʼnoda ijobiy, biroq men zamonaviy noshirlar oʻsha zamonaviy oʻquvchining ehtiyojlari ortidan ergashib yurmay, bilʼaks, kitobxonning didi va saviyasini oʻstiradigan kitoblar chop etib, ularni oʻz ortidan ergashtirishni maʼqul deb hisoblayman. Kitob bozorlarimizda baʼzan oldi-qochdi, saviyasiz kitoblarga talab yuqoriligini koʻrib, xafa boʻlamiz va ularning oqibatini ham koʻryapmiz. Ayniqsa, bolajonlar uchun chop etilayotgan ertaklar bilan bogʻliq tahlikali vaziyatlar ham yuzaga kelmoqda. Sababi, bolalar uchun kitob nashr etishga moslashmagan noshirlar biror chet davlatning ertaklarini tarjima qilib, oz-ozdan boshqa kitoblardan ertaklar qoʻshib toʻplab, kitob tayyorlashyapti va tabiiyki, kitobga obyekt, yaʼni oddiy tovar sifatida qaralmoqda. Ertaklar bolajonlar uchun chiqayotgan ekan, biz ularni saralab-saralab taqdim etaylik. Bugungi kunda, hattoki kitobxonning ehtiyojini ham tarbiyalashga ehtiyoj bor. Aslida biz kitoblarni yomon deyaverib, kitobxonlarni qoʻrqitib ham qoʻydik. Bizda bugun xorijda ham oʻz oʻrnini topa oladigan kitoblar bor va nashr etilmoqda. Davlat va millat uchun kitobdan boshqa najot yoʻli yoʻq. Shunday ekan, noshirlik sohasini millatning eng yaxshi ziyoli vakillari ishlaydigan sohaga aylantiraylik, olomonni oʻz ortimizdan ergashtirishga erishaylik”.

    Konferensiya davomida nashriyotlar faoliyatini takomillashtirish, muharrirlar masʼuliyatini oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.

     

    599017201_2018-11-1620_08_26.thumb.jpg.91babf9062509da5a52acf4ab1abb4db.jpg

     

    Shuningdek, zamonaviy kitobxon ehtiyoji va uni qondirish borasida noshirlar oldidagi dolzarb vazifalar, yosh muharrir, texnik muharrir, dizayner kadrlarni tayyorlash, ularning malakasi va tajribasini oshirib borish masalalari, bugungi kitob marketingi muammolari, nashriyotlar faoliyatining OAVlardagi targʻiboti kabi mavzularda fikr almashildi, mutaxassislarning taklif va tavsiyalari bildirildi.

     

    Mahfuza Imomova




    Foydalanuvchilar munosabati

    Рекомендованные комментарии

    Qoldirilgan izohlar yo‘q



    Izoh qoldirish uchun akkaunt yarating yoki unga kiring

    Вы должны быть пользователем, чтобы оставить комментарий

    Akkaunt yaratish

    Akkaunt olish uchun ro'yxatdan o'ting. Bu juda oson!

    Akkauntni ro'yxatdan o'tkazish

    Kirish

    Akkaunttingiz bormi? Kiring.

    Hozir kirish

×