Yozyovondan chiqqan ritsar yoxud ikki asar haqida ayrim mulohazalar

MUALLIFGA OCHIQ XAT

Qadrligim, Qobiljon!

Yil boshida bir juft kitobingizni tuhfa etib, nafaqat shaxsiy kutubxonamni boyitdingiz, meni yana mutolaaga qaytardingiz. Bilasiz, ijodkorlikning qismatini – topshiriqlardan ortib qolgan qiyqim vaqtlardagina kitob varaqlab, oʻylab yurganlarimizni qoralashga tushamiz. Ikki asaringizni oʻqib boʻlsamda, taassurotlarni yozish fursati kuttirib qoʻydi.
Yana bir karra muborak boʻlsin, qoʻsh asarlar! Qobiljon, siz yangi asarlar yozib nafaqat tanilyapsiz, nazarimda meni ham orzuimdagi yumushni ado etyapsiz. Axir bolalar uchun ijod qilinadigan har qaysi yoʻnalishda, kino boʻladimi, adabiyotmi, musiqa yoki telekoʻrsatuv – zahmati ogʻir. Siz ana shunday zahmatli yoʻlda ijod qilishga gʻayrat topyapsiz. Agar fikrlarim mubolagʻa boʻlsa, bolalar uchun ijod qiladigan shoir va yozuvchilar, bastakoru mualliflar barmoq bilan sanarli boʻlmas edi. Bundan ikki yil avval bolalar hukmiga havola etgan “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” asaringiz shuhrati soʻnmay turib yana ikki qiziqarli qissalar ustida astoydil mehnat qildingiz. Kitoblaringizni sifatli, chiroyli muqovalar bilan bizga yetkazib bergan “Akademnashr” nashriyotiga bu gal ham kitobxon sifatida alohida tashakkur bildirmoqchiman.
Qobiljon, siz endi havaskor ijodkor emassiz, yosh kitobxonlar muhabbatini qozongan, oʻz asarlaringiz bilan butun respublikaga tanilib ulgurgan qalmkashsiz. Yigirma besh yoshingizdayoq birinchi qissangiz darslikka kiritilgani ham katta gap. Maktablarda oʻzingiz asarda taʼkidlaningizdek, popka koʻtargan bola borki, sizni taniydi, qahramonlaringiz yaxshi biladi. Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov aytganidek, “Bolalar adabiyoti – farishtalar adabiyotir”. Shu maʼnoda siz begʻubor olamga qilayotgan xizmatingiz bilan kitobxonlarni, bizni xursand qilyapsiz.
“Tolqonbotir yoxud paqir kiygan ritsar” ertak-qissangiz haqida fikr-mulohazalarim koʻp. Ularni adabiyotshunos kabi tahlil etishga uquv va tajribam yoʻq, shu bois yozayotganlarimni kitobxon fikri sifatida qabul qilishingizni istardim. Men quvonch bilan aytamanki, bugun ustozimiz, ustozingiz Anvar Obidjonning Meshpolvondek jasur, qoʻrqmas, vatanparvar bahodiri yoniga Oltmishvoy – Tolqonbotir ham kelib qoʻshildi. Siz uni Yozyovon farzandi sifatida tasvirlab, bu yoqimtoy, bir soʻzli, chaqqon va mehribon bolakayga yozyovonliklarga xos mehr-muruvvatni, adolatlilikni, odobni, sofdillikni mahorat bilan singdirgansiz. Biz sevib tomosha qilgan “Dengizchi Papay” multfilmida bosh qahramon ismaloq yeb bir zarbasi bilan dushmanlarni dogʻda qoldirganini yosh tomoshabinlarimiz yaxshi
bilishadi. Tolqonbotir ham undan kam emas. Onasi tugib bergan tolqondan bir kaftginasini yeb ancha-muncha dushmanlarni yer tishlatgan ritsar sifatida mehrimizni qozondi. Siz hatto Samovar Samandek ajabtovur qurilma haqida yozib, diqqatimizni tortdingiz. Asarning eng muhim detallaridan biri sifatida Samovar Samanni eslab qolmaslik mumkin emas. Bunga “bebaho” qurilmaga asarni varaqlashga ulgurmagan doʻstlarimiz, mutolaa orqali bu haqida oʻzlari aniq bilib olishlariga ishonaman.
Tolqonbotir “Sariq devni minib”, “Shum bola” asarlari qahramonlari kabi ziyrak, serfahm, chaqqon. Buning ustiga u tasavvurga boy – maʼlum bir ishni bitkazish uchun darrov yoʻl izlaydi, agar yoʻl topolmay qolsa, mushkul ishlarni xayolan hal qilishdan ham toymaydi. Biz uning hatti-harakatlarini kuzatib kulamiz va jamiyatga yot boʻlgan rahna va illatlarni fosh qilayotgani va bu ishda uning fahm-farosati bilan tanishib tasanno, deymiz.
Siz yosh kitobxonlarga atagan mulohazalaringiz orasida kattalarga ham taalluqli masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtgansiz. Isrofqishloq ahlining kimoʻzarga boʻladigan toʻy-bazm musobaqalari jamiyatning ogʻriqli muammolariga koʻzgu aslida. Olmos aravakashning umr boʻyi yiqqani naq olti qozonda osh qilishga sarf etilgani, laganlarda ortib qolgan palovlarning devor tagiga toʻkib yuborilishi, 21 ta doshqozonda shoʻrva qaynatilgani kitobxonni sergak torttiradi.
Bularni shunchaki toʻqib yozmagansiz, hayotiy kuzatishlaringiz koʻpligi, ayniqsa, asarning shu qismida menga yanada aniq sezildi.
Shavlashohdek zolim, makkor va bosqinchining boplab dodini bergan Tolqonbotirning atrofidagi doʻstlari ham asarga shunchaki kirib qolmagan. Xurrakpolvon, Suprindi, Sodiq, Zuhrobek kabi obrazlar orqali bolalarda uchraydigan ayrim kamchiliklarga ham ishora qilasiz, voqealar davomida ularni “tuzalish”ga undaysiz. Yutaman Vazir, Aqliy Valaqliy qiyofasida esa laganbardor shaxslarni yanada yaxshiroq tanitib qoʻyasiz.
Qobiljon, asar yakunlanib boradigan sahifalarda quyidagi jumlalar ayniqsa, meni juda taʼsirlantirdi: “Bu Vatanni Xudo bizga bergan. Uni ota-bobom tiklagan. Enalarim suv tashib turgan, bobolarim loy qorib, guvala dumalatgan. Bu uylarning har bitta guvalasi ajdodlarimning peshona teri bilan qorilgan…”. Shavlashohning huzurida aytilgan bu mardona va dangal fikrlar navqiron avlod qalbidagi yurtsevarlikni yanada yuksaltiradi, yashab turgan xonadoniga, mahallasiga, Vataniga mehrini oshiradigan taʼsirchan jumlalardir.
Qobiljon, yozuvchining qismatida, ayniqsa, bolalalar ijodkorining mahoratida uning bolalikdagi tasavvurlari katta manba vazifasini bajaradi. Sizda ham bolalik chogʻlaridagi taassurotlar bekorga oʻtib ketgan emas, albatta. Koʻrganlaringiz, kuzatishlaringiz bolalar yozuvchisi boʻlib qoʻlga qalam olishingizga turtki bergan. “Oʻtkirjonning oʻnta oʻrdak ukasi” fantastik qissangiz ham yuqoridagi asaringizdan
kam emas. Bu qissada ham bosh obraz – Oʻtkirjonning harakat maydoni keng, faoliyati ham rang-barang, asar davomida xarakterning oʻziga xos shakllanish yoʻli ham bor.
Bu sarguzasht asar. Buning ustiga fantastik ham. Shunga muvofiq asardagi voqealarning baʼzilari kutilmagan tarzda roʻy beradi. Sarguzasht-fantastik asarlarning qismati maʼlum: bir detal yoki epizodning naqadar aniq va realligi bilan belgilanmaydi, balki bir oz hayotiylikdan uzoqda boʻlaturib kitobxonni ishontira olishi va “toʻqima voqealar” vositasida zarur xulosalar chiqarilishi bilan belgilanadi.
Oʻtkirjon amalga oshirmoqchi boʻlgan hamma ishlar bizning umid va orzularimizda yashaydigan ishlar – xullas, zamonaviy “shum bola”ga zamonaviy vazifa berilgan va asar qahramoni bu vazifaning uddasidan chiqa olgan. Qissani mantiqan ikki qismga ajratish mumkin: asalalarilar saltanati va parrandalar hayot kechiradigan olam. Asalarilar olamiga kirib qolgan Oʻtkirjonning hayratlarini mutolaa qilib koʻz oldimda huddi multfilm jonlangandek boʻldi. Bizning quvnoq qahramonimiz bu mitti jonzotlar orasida bir qancha xatolari tufayli aziyat chekadi. Shuning barobarida halollikni, mehnatsevarlikni, odobni, sadoqatni, tartib-intizomni oʻrganadi, tengdoshlariga xulosalarini bayon etib boradi. Qissa bu xususiyati bilan tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Oʻrdaklar olamida esa Oʻtkirjonning zimmasiga kattagina masʼuliyatni yuklaysiz. Ona oʻrdakdan kutilmaganda va birdaniga ayrilib qolgan, bu yorugʻ olamda hali past-u balandni yaxshi anglamagan oʻrdakcha tuxumdan endigini yorib chiqib, polapon ukalariga ham gʻamxoʻrlik qilishi hayotning achchiq haqiqatlariga oʻxshab koʻrinadi. Nachora, inson taqdirida ham bunday voqealar koʻp. Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Besh bolali yigitcha” asarini oʻqiganlar bu fikrimga qoʻshilsalar kerak. Shu maʼnoda Oʻtkirjon 10 ta polaponni asrash va va ulgʻaytirish zahmati bilan yurganida qismat uni yana yoʻqotishlar bilan roʻpara qiladi. Ukalarini ayanchli voqealar taʼsirida ayrilgan Oʻtkirjon oqsoq polaponcha va zaifgina singilchasi bilan qoladi. Ulardan ham maʼlum muddat ayro yashagan polapon tovuqlar katagida erksizlik azobini ham totib koʻradi. Bu erksizlik aslida insonni ham bir joyda qotib qolishga olib kelishini yaxshi bilamiz. Buni siz oddiy lekin maʼnosi chuqur jumlalarda ifoda etasiz: “…katakka qamalib yashash, erkdan mahrum boʻlish. Demak, dunyoda oʻz erkiga ega boʻlmaganlarning yulduz nimaligini bilmaydigan parrandadan farqi yoʻq ekan”.
Qobiljon, Siz bu qissangizda ozodlik va erk haqida falsafiy fikr yuritishga harakat qilgansiz: “Muhimi – bu shamolda ravon uchish! Bilsang, hamma varrak ham buning uddasidan chiqolmaydi”. Yoki yana biz uchun doimo muhim boʻlgan Vatanga muhabbatni yodga solasiz. Singil oʻrdakchaning parvoz uzra aytgan: “Akajonlarim, uchsangiz-chi, VATANGA qaytamiz!” degan hayqirigʻi kitobxonning yurak-yuragiga yetib boradi.
Har ikki kitob haqida anchagina taassurotlar qoralashim mumkin edi. Lekin oʻquvchilarimizni ham, Sizni ham band etishdan istihola qilib, soʻzimni muxtasar qilaman.
Qobiljon, Fargʻonada Siz kabi isteʼdodli adib bilan yonma-yon ekanimizdan quvonchimiz, umidimiz oʻn karra oshadi. Sizda adabiyot masʼuliyatini anglashga, soʻz haroratini ilgʻashga intilish juda kuchli. Bu kuch, bu shijoat, tabiiyki, siz suv ichgan daryolarga bogʻliq. Yozuvchining har bir asari izlanishlar samarasidir. Har bir asarini nimalar bilandir boyitadi, qandaydir yangiliklarga erishadi. Biroq ijodkor uchun, xususan, oʻziga talabchan, badiiyat masʼuliyatini his qiladigan yozuvchi uchun izlanishlarning cheki yoʻq. Siz izlanadigan, tolmaydigan, shu tufayli yangi asarlari bilan kelgusida adabiyotimiz taraqqiyotiga hissa qoʻsha biladigan ijodkorsiz. Sizning kitobxonlarni mamnun qiladigan xislatlaringizdan biri ham shu.
Mening yana bir umidim bor. Sizning shu qissalaringiz asosida kelgusida bolalar ekrani uchun munosib kinofilmlar, multfilmlarga qoʻl urilsin. Sizdan yana oʻqimishli asarlarni kutib qolamiz!
Sizga hurmat va ehtirom bilan Madaminjon SOLIJONOV.

Madaminjon SOLIJONOV,
yozuvchi, jurnalist.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan