Xulio Kortasar: “Hamisha hammadan oldinda”

Agar yozuvchi jamiyat taraqqiyoti yo‘lida halol xizmat qilishga intilsa, adabiyotda, hayotda hamisha oldingi o‘rinni egallashi kerak, deb hisoblagan hozirgi zamon Lotin Amerikasining yirik adiblaridan biri – Xulio Kortasar. Xalqaro adabiyot maydonida Xulio Kortasarni haqli ravishda birinchi raqamli Argentina yozuvchisi deb baholaganlar. Mana, o‘ttiz yildan oshdiki, bu baho o‘zgarmasdan turibdi. Ajoyib romannavis, qisqa novella, hikoya ustasi Xulio Kortasarning (1914–1984) “Imtihon”, “Yutuq” kabi ajoyib romanlari, “Bestiariy”, “O‘yinning tugashi” kabi qator hikoyalar to‘plami hamon adabiyot muxlislarini hayratga solib kelmoqda, ajoyib adabiy mahoratga dalil sifatida katta adabiyotga xizmat qilmoqda.

– Hayot bilan adabiy mehnat o‘rtasidagi aloqa haqida nimalar deya olasiz?
– Aloqami? Ba’zilar buni “majburiyat” deb ataydilar. Men buni “yozuvchi mas’uliyati” deb atagan bo‘lardim. Bundan o‘n yil ilgari o‘zlarini inqilobchilar deb atagan, lekin bora-bora isyonchi bo‘lmay qolgan, Lotin Amerikasida nom chiqargan ko‘pgina adiblar paydo bo‘ldilar. Ular go‘yoki kristallanmagan liberalizmga, axloqsizlikka sirpanib tushganlar. Ya’ni ular nazariy tomondan nimalardir deya valdirab ma’ruza qiladilar, amalda esa zimmalariga hech qanday mas’uliyatni olmaydilar. Ana shunday “inqilobchilar”dan ba’zilari o‘z martabalariga putur yetmasligi uchun hatto Kubaga borishdan ham bosh tortdilar. Ular gapirishga ham arzimaydilar, ular hech qanday ahamiyatga ega emaslar. Lekin boshqa toifa yozuvchilar haqida kishilar qarshisida o‘z mas’uliyatini anglab yetuvchi san’at ustalari haqida gapirish kerak bo‘ladi. Bu kabi yozuvchini kitob yozishga “mahkum etilgan” inson deb atash mumkin. Bunday yozuvchi hamma ishdan ko‘ra o‘z ishini qotiradi va bu borada hattoki inqilobga ham ko‘proq foydasi tegadi. O‘zuvchi mas’uliyati ilgarilab yuradi, bu hamma narsada – ijodda va shaxs yurish-turishida ham aks etishi zarur. Kerak bo‘lsa, yozuvchi hatto avtomatdan otishni ham bilishi lozim. Hamisha hammadan oldinda yurishi kerak.
– Ijodkor inqilob uchquni “alangalanib turgan qit’a”ga o‘z ta’sirini o‘tkaza olarmikin? Kurashga yozuvchilar asarlari ko‘proq hissa qo‘shadimi yoki uning shaxsan qatnashuvi? Sizning shu haqdagi fikringiz…
– Qiyin savol. Men faqat o‘zim haqimdagina gapirishim mumkin. Agar men Lotin Amerikasi kelajagi uchun bo‘lgan kurashda biror hissa qo‘shgan bo‘lsam, bu ham qalamim mehnati tufaylidir. Mening siyosiy faolga aylanganimga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Turli xalqaro tashkilotlardan o‘zimga topshirilgan ishni men yozuvchilik faoliyati bilan baravar olib boraman. Fikrimcha, mening kitoblarim siyosiy nutqlardan ko‘ra nafi ko‘proq.
– Aftidan, bu savol sizga uncha ma’qul kelmasa kerak. Siz kabi siyosiy pozisiyani egallamagan yozuvchi ahamiyatga molik katta asar yaratishga qodirmikin?
– Mavhum nazariya jihatidan aytadigan bo‘lsam, ha, yaratadi – inqilob pozisiyasida turmagan, siyosat bilan qiziqmagan iste’dodli kishi bemalol san’at asari yaratishi mumkin. Axir, bu asar uning xayoliy tasavvurlari mahsuli bo‘ladi-ku! Bu adabiy asar bo‘lishi ham mumkin. Asar kitobxonni qiziqtiradimi-yo‘qmi – mana shunisi muhim. Bugungi kitobxon olamni anglab yetishga, boshqa kishilarni tushunishga intilmoqda va unga qaysi muallif kitobini qo‘liga olgani, yozuvchining o‘zi qanday pozisiyani egallagani juda muhim. Masalan, Argentinada aksilinqilobiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan reaksion, hatto fashist yozuvchilar bor. Biroq talabalar, ishchilar, savodli dehqonlar bunday mualliflar yozganlarini o‘qimaydilar. Ularning xalqqa chindan ham keragi yo‘q.

Ma’suma AHMEDOVA tarjimasi

Manba: «Kitob dunyosi» gazetasi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan