Qobiljon Shermatov: “25 yoshimda asarim maktab darsligiga kiritildi”

“Balki Mosh ham tush ko‘rar”, “Qishloqjonim”, “Bir quloqli qo‘zichoq”, “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” nomli she’riy va nasriy asarlar muallifi, iste’dodli bolalar shoiri va yozuvchisi, “Ilhom” davlat mukofoti sovrindori Qobiljon Shermatov – jurnalimizning bu galgi mehmoni. Suhbatimiz uning adabiyot olamiga kirib kelishi, muvaffaqiyatlarga erishishida kitoblarning tutgan o‘rni, bolalar adabiyotidagi yutuq va kamchiliklar, kelajakdagi rejalari haqida kechdi.

— O‘quvchilik davringizdayoq O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjondek ulug‘ ustozning nazariga tushib, duolarini olgansiz. O‘sha paytdagi taassurotlar bilan o‘rtoqlashsangiz.
— Assalomu alaykum! Ha, ustozlar duosini olish yosh ijodkor uchun oliy baxt! Rosti, Anvar Obidjon ijodiga qiziqishim 1-sinfligimdanoq boshlangan bo‘lsa-da, haqiqiy uchrashuvimiz 14 yoshimda ro‘y bergan. O‘shanda 2011-yil Toshkentdagi “Do‘rmon” ijod uyida “Bolalar adabiyoti kunlari” o‘tkazilgan edi. Unga bolalar adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha respublikamizdagi 40 nafar yosh qalamkash jamlangandik. Yodimda, Farg‘onadan rahmatli Enaxon Siddiqova boshchiligida uch nafar yosh shoir Toshkentga kelganmiz. “Do‘rmon ijod uyi”ga qadam qo‘yganimiz-da chinorlar ostida Anvar Obidjon yerga teran boqib turar, chuqur o‘yga cho‘mgandi. Shunda menga qarab, “Eee, mulla Qobil, Yozyovonlar qalay?” deb juda iliq salomlashgandi. So‘ng Enaxon ustozga ortimdan “Bu bolani tarbiyalash kerak”, deya tayinlagandilar. Ilk uchrashuv va ustozning kaminaga o‘ta samimiyatidanmi, chiqib ketayotgan yotoqxonamning raqamini unutib qo‘yganman.
— Kattalar adabiyotiga nisbatan bolalar adabiyotida ijod qilish mushkulroq. Sizningcha ham shundaymi?
— “Bolalar adabiyotida yozish qiyin”, deguvchilarning mazkur xulosada to‘xtalishlariga sabab shuki, ular bolalik qalblarini asrab qola olishmaganidir. Qalblari ulg‘aygach, u olam xuddi million kilometr uzoqdagi sayyoraga o‘xshab qoladi, nazarlarida. To‘g‘ri, ulg‘ayish kerak. Aqlda, fikrda, tafakkurda o‘sish lozim. Biroq qalb masalasi mutlaqo boshqa. Bu mavzuda bir kitobimda bitgandim: “Bolalarga kitob yozishing uchun ichingda 7 yoshli bir bolakayni saqlab turishing, 70 yoshli nuroniyni esa unga qoʻriqchi qilib qoʻyishing lozim! Agar
bolakay boʻlmasa, yozganing bolalarga, nuroniy boʻlmasa, kattalarga yoqmaydi. Agar nuroniyni bolakayga qoʻriqchi qilmasang, unda yozganing Yaratganni ham rozi qilolmaydi.”
— Zo‘r natijalarga erishishingizda kitoblarning o‘rni qay darajada deb hisoblaysiz?
— Bu faqat mutolaa bilangina amalga oshmaydi. Boisi, mana, qancha kitobxonlar, olimlar bor atrofimizda. Agar ijod qilish darajasi mu’tolaa bilangina belgilanganida professorlarimiz har yili bittadan o‘zlarining “O‘tkan kunlar”ini yozishgan bo‘lardi. Kitob ham bir ne’mat! Albatta, bu ne’matni qabul qilib olish uchun ilmiy va mutolaaviy tayyorgarlik bo‘lishi darkor.
— “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” asaringiz Prezidentimiz tashabbusi bilan “Bolalar va yoshlar uchun o‘tkazilgan eng yaxshi
kitob” tavlovida g‘olib deb topilib, 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandingiz.

— Ha, ijodingizga Davlat rahbarining e’tibori tushib tursa, bu barchani xursand qilishi, tabiiy. Ammo ijoddan maqsad moddiy manfaatgina bo‘lib qolmasin. Agar qalam tutishingdan muddao mashhurlik yoki pul topish bo‘lsa, bu sening mag‘lubiyating nishonasidir. Darvoqe, har bitta asar ortida mashaqqatli mehnat yotadi.
— Bir kunda yoki haftada ijodiy yuksalishingiz uchun qancha vaqt sarflaysiz?
— Juda yaxshi savol. Bir kunda agar yozuv mashinam oldida bir-ikki soat o‘tirishim yoki umuman uni ochmasligim ham mumkin. Lekin
shu narsa ayonki, yozamanmi-yo‘qmi, muhimi, xayolim doim fikrda, tafakkurda turadi.
— Asarlaringiz 2022-yilda 3-sinf maktab darsligidan joy olib, “Yosh kitobxon” respublika tanlovining 15-19 yosh toifasi uchun o‘qilishi shart bo‘lgan kitoblar ro‘yxatiga kiritildi. Bu xushxabar zimmangizga qanday mas’uliyat yukladi?
— Asaringiz darslikka kiritilishi bu hukumatning sizga ulkan ishonchi, olimlarning munosib bahosidir. O‘z barobarida yelkamga ulkan
mas’uliyat yuklaydi.
— Ayting-chi, hozirgi bolalar adabiyotining yutuq va kamchiliklari nimalardan iborat?
— Bugun internet, ijtimoiy tarmoqlar, zamonaviy telefon imkoniyatlari rivojlangani sayin yozuvchilarning, ayniqsa, bolalar adiblarining vazifasi jiddiylashmoqda. Sharq bolalar adabiyotida tarbiya kuchli,
g‘arbda esa badiiy kashfiyotlar serob. Bolalarga esa ko‘proq badiiy kashfiyotlar qiziq. Bugun biz sharq tarbiyasi qorishgan va butun dunyoni lol qoldiradigan asarlar yaratishimiz zarur. Ta’kidlash joiz, bunday asarlar yaratilyapti ham!
– Kelajakdagi maqsadlar va ijodiy rejalaringiz xususida…
– Maqsadlarim talaygina. Barchasini aytish o‘ylaymanki, u qadar ma’qul emas. Niyatlarim siz, aziz kitobxonlarning duolari bilan ro‘yobini
topishiga ishonaman.
– “Qaldirg‘och” jurnali o‘quvchilariga tilaklaringizni bidirsangiz.
– Bahorda qaldirg‘och uylarga kelib, odamlarga quvonch olib kelgani singari, “Qaldirg‘och” jurnali ham jamiki o‘zbek xonadoniga shodlik, ilm, ma’rifat olib kirishini, muxlislari soni yanada kengayishini istayman. O‘quvchilariga esa fursatdan foydalanib, mustahkam sog‘lik, o‘qishlarida omadlar tilayman. Mazmunli savollaringiz uchun sizga alohida rahmat!
– Maroqli va mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

Jahongir NOMOZOV suhbatlashdi

Manba: «Qaldirgʻoch» bolalar jurnali

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan