«Qancha ko’p yozilsa, shuncha yaxshi…»

“Odamzodga xos qiziq odatlar bor. U bir narsaga mahliyo bo’lsa, undan ko’ngil uzishi juda qiyin. Masalan, kimdir daryoni, kimdir tog’larni, kimdir dalani sevadi.”

Suvsizlik, ekologik muammolar, havoning kundan-kun ifloslanib borishining intihosi bormi?

Bosh qahramon Orif aynan shu soha mutaxassisi. Uning o’y xayoli Jayhun loyihasida bo’lib, loyiha Sibir daryolarini kanal orqali O’zbekistonga olib kelishdan iborat. Aynan shu yechim bilan suv tanqisligi muammosidan qutilish, qishloq xo’jaligini rivojlantirish olg’a suradi. Bu loyiha o’z tarixiga ega. Qanchadan qancha tortishuvlarga sabab bo’lgan. Suv bo’yicha mutaxassis emasman, lekin loyiha juda qiziq ko’rindi. Ayniqsa Xitoy, Amerikada shu kabi tajriba qo’llanilgan va samara bergani haqida faktlar keltirilganini o’qib o’ylanib ham qoldim.

Rosti, suv tanqisligi kundan-kun har birimiz – xoh shahar, xoh qishloq bo’lsin oldimizdan chiqmoqda. Shahrisabzda bobomlar uyida esimni taniganimdan kachalka (o’zbekchasini bilmas ekanman)da suv chiqarishardi. Shu suv ichilardi, shu suv boshqa ehtiyojlarga ham ishlatilardi. Ma’lum vaqtdan keyin yana-da chuqurroq qazildi. Sababi yuqori masofadan suv chiqmay qoldi. Bora-bora esa motor qo’yilib, mini artizan qilishdi. Hatto shu bir hovli/ro’zg’or/oila misolida ham suv tanqislanib borayotganini ko’rishimiz mumkin.

Qissaga qaytsak. Xayolimda bir-ikki gaplar ortiqchadek. Masalan, Sharof Rashidov haqidagi ma’lumotlar nega keltirilganini tushunolmadim. Juda olqishlangandek ko’rindi. Bundan tashqari AES masalasi ham ko’tarilgan. Undan ham tashqari esa qo’shxotinlik. Qo’shxotinlik oqlangandek bo’ldi. Orif nima sabab bunchalar ikkinchi xotin olishga yugurdi tushunolmadim. O’zi davlat ishida ishlasa. Davlat ishi oyligi bir ro’zg’orni ta’minlashga yetadi bazo’r. Kamiga 3 ta farzandi ham bor. Qaysi puliga ikkinchi oilani boqarkin, qiziq.

Umumiy xulosa. Qissa – kerakli qissa deb hisoblayman. Qancha ko’p yozilsa, shuncha yaxshi. Xoh u shedevr asar bo’lsin, xoh bir martalik. Sababi, bizda nasr yo’qolib bormoqda. Yozish kerak. Adabiyot orqaligina biz zamon va makon muammolari/voqeliklaridan xabar topamiz. Aynan adabiyot deb biz bilamiz, o’rganamiz.

Siz-chi, o’qishga ulgurdingizmi? Adabiyot uchun yosh ijodkorni qo’llab-quvvatlaysizmi?

@mahinsworld

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan