«Asar nomida ramziylik bor». «Mazaxchini oʻldirish» asari haqida

Bu asar haqida juda koʻp iliq fikrlar eshitgandim va oʻqigach, amin boʻldimki, asar haqiqatdan ajoyib, umuminsoniy masala koʻtarilganligi jihatidan dolzarb. Irqchilik, duragaylarning jamiyatga aralasha olmasligi, «qora»larning jamiyatda buyumchalik qadri yoʻqligi, «negrparvar» degan soʻzning haqoratga teng ekani, oq tanlilar ularning ustidan istagandek hukmfarmolik qilishi mumkinligi Tom Robinsonning sudi misolida koʻrsatib beriladi.

Jinsiy tajovuzda ayblangan bu odamning yagona aybi – qora tanliligi. Sudya, advokat Attikus vijdonli odamlar, lekin oqlar doimo qoralar ustidan gʻalaba qozonib kelishgan va bu oʻzgartirib boʻlmas ayniyatdir. Tom Robinsonning jinoyatchi emasligiga hamma ishonadi, lekin tan olmaydi, tan olish mumkin emas axir! Olomonning gʻazabi, Yuellarning ginavozligidan maslahatchilar qoʻrqadi. Adolat hukm surishi, insonlarning rangidan qatʼiy nazar barchaga bir xil munosabat boʻlishi kerak boʻlgan sudga maslahatchilar qotib qolgan qarashlari, shaxsiy adovatlari bilan keladilar. Bechora «qora»lar uzoq muddatli jazoga ham loyiq koʻrilmaydi. Suddan soʻng ularni yo ozodlik, yo elektr stul kutadi. Ehtimolki, doimo ikkinchi variant.

Olomon nazdida, barcha qora tanlilar axloqsiz, yolgʻonchi, ayollar uchun xavfli. «Bularning hammasi Tomning tanasi kabi qora yolgʻonlardir», deydi Attikus. Bu bilan u «qora»larning ham qalbi borligi, yaxshi insonlar ekanligi, tana rangining inson xarakteriga mutlaqo aloqasi yoʻqligini isbotlamoqchi boʻladi.

Oq va qora bolalar oʻrtasida ham chegara bor: birga ovqatlanmaslik, birga oʻynamaslik, bitta cherkovga bormaslik, tillarning oʻzgachaligi, taʼlim olishda toʻsiqlar, iloji boʻlsa umuman gaplashmaslik.

Olti yoshli qizaloq Jin Luiza, uning akasi Jeremi, qoʻshnisi Dillning yagona ermagi bor: Redlilarning sirli uyi va unda yashovchi Redli alvasti. Qachonlardir uy zindoniga mahkum qilingan bola tirikligi aniq, chunki uning jasadini hech kim koʻrmagan. Redli alvastining koʻrinish berishini kitobxon beixtiyor bolalarga qoʻshilib kutadi va ayon boʻladiki, u atrofdagi gʻiybatchi qatlamdan farqli oʻlaroq jamiyatga befarq emas ekan, bolalarga yashirin sovgʻalar qoldirgani, hatto hayotlarini saqlab qolgani uning ogohligidan yaqqol darak beradi.

Asar nomida ramziylik bor: «Mazaxchini oʻldirish». Mazaxchi degan qush bor. Beozor, faqat odamlar rohatlanishi uchun sayraydigan, ozor berib boʻlmaydigan, uni oʻldirish gunoh sanaluvchi bu qush misolida insonlar ham agar ularning aybi boʻlmasa, begunoh boʻlsa, ularni jazolash yoinki oʻldirish katta gunoh, demoqchi muallif.

Asarni hanuzgacha oʻqimagan boʻlsangiz, bu ishni aslo kechiktirmang.

Nafisaxon Sulaymanova

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan