Kitobxon mulohazalari: Harper Lining «Mazaxchini oʻldirish» asari haqida

Tarixdan olgan bilimlarimiz, filmlarda koʻrgan sahnalarimizdan maʼlumki, Amerika Qoʻshma Shtatlarida irqiy kamsitilishlar koʻplab uchragan. Maktablar deysizmi, shifoxonalar deysizmi yoki qabristonmi – hammasi ikki irq vakillari uchun alohida-alohida boʻlgan. Mabodo qaysidir qora tanli oq tanlilar uchun belgilangan joylarga kirsa yoki faqat oq tanlilar foydalanadigan narsalardan foydalansa, eng yumshoq muomala qilinganda ularni qattiq haqorat qilib quvishgan. Agar o‘shanday holatda qora tanlilar qarshilik ko‘rsatsa, politsiya ularni olib borib qamagan. Ana endi oʻylab koʻraylik, qora tanlilarga nisbatan shunday shafqatsizlik bilan munosabatda boʻlinayotgan jamiyatda oq tanli ayolni zoʻrlashda ayblanayotgan, ammo aslida aybsiz boʻlgan bir qora tanli erkakka sud qanday jazo berishi mumkin edi? «Mazaxchini oʻldirish» asarini oʻqish orqali siz shu sud jarayoni bilan tanishishingiz mumkin boʻladi.

Asar kichik yoshli qizaloq Skaut tilidan bayon qilinadi. Uning akasi Jem va doʻsti Dill bilan munosabati, oʻyinlari davomida bir qarashda silliq kechayotgan yosh bolaning oʻylari tasvirlangandek koʻrinsa-da, uning zamirida jiddiy mavzular yotadi. Ularning otalari Attikus esa chinakamiga vijdonli huquqshunos timsoli. Maʼlumotlarga qaraganda, ushbu obrazga muallifning otasi prototip qilib olingan ekan. Attikus sud qanday qaror chiqarishini bilsa ham, jon-jahdi bilan «mazaxchi»ni qutqarishga harakat qiladi. «Mazaxchini oʻldirish katta gunoh, chunki u shunchaki odamlar uchun kuylaydi, ularga zarar keltirmaydi», degan edi u. Qora tanlilar ham shunday, oq tanlilarga yordam bersa beradilarki, zarar keltirmaydilar.

«Mazaxchini oʻldirish»ni mutolaa qilish orqali siz Amerika madaniyati, uning qonunlari haqida boxabar boʻlish bilan birga, aka-singilning goʻzal munosabatlari va namunali otaning farzandlari bilan boʻlgan chiroyli muomalasi, har bir narsani oqillik bilan tushuntirishidan taʼsirlanasiz. Parallel tarzda tasvirlangan turli shaxslar taqdirlarini oʻzaro solishtirish orqali kichik bolalarga-da mehribonlik qilgan ayollar-u erkaklardagi chinakam oliyjanoblik va alamzadaligi qurboni sifatida yosh bolani oʻldirishgacha borishga jurʼat etgan badfeʼl kimsalarning qilmishlaridan hayratlanib, beixtiyor ularni yaxshi koʻrib qolasiz yoki qalbingizni nafrat egallaydi.

Odatda nashr ettirilishini uzoq kutgan va yaqin odamlarim sovgʻa qilgan asarlar qalbimda chuqur oʻrin egallaydi. «Mazaxchini oʻldirish» ham, umuman olganda, mening sevimli asarlarim roʻyxatidan joy oldi.

Sizlarga hech ikkilanmay tavsiya qila olaman.

Mutolaadan soʻng kinosini koʻrish ham joiz. 8ta nominatsiya boʻyicha Oskar olgan.

Mohinur Shavkatbek qizi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan