“Daryo toshqin, suvlar to‘lqin, o‘tolmayman, yor-yor…”

Yozuvchi Furqat Alimardonning “Pichirlangan sirlar” qissasi mintaqamizga tahlika solib turgan suv muammosiga bag‘ishlangan. Asar qahramoni 2030 yilga borib, O‘zbekistonda 7 kub kilometr suv tanqisligi kuzatilishi haqidagi xabarni o‘qib qoladiyu, ko‘ksiga g‘ulg‘ula tushadi. Butun asar davomida suv muammosini yechish bo‘yicha izlanadi. Umuman olganda, muallifning badiiy niyati, kitobxonga aytmoqchi bo‘lgan asosiy fikri ezgu. Avvalo, yirikroq asar yozishga bel bog‘labdi, jur’atu g‘ayrati e’tiborga loyiq. U o‘quvchiga bu muammoga loqayd qarab turish mumkin emasligini, hozir harakat qilmasak, suvni asramasak ertaga kech bo‘lishi mumkinligini eslatmoqchi bo‘ladi. Harqalay, hozirgi vaqtda bu kabi ijtimoiy muammo negiziga qurilgan asarlarga zarurat bor.

Muallif suv muammosining qanday yuzaga kelganiyu uni qanday bartaraf etish mumkinligiga oid materiallarni erinmay yig‘gan, o‘qigan, uqqan. Suv haqida ne matn borki, muallifning ko‘z qiridan chetda qolmagan, albatta. O‘ylagan mavzusini yaxshi o‘rgangani – yozuvchining yutug‘i. Shuningdek, atrofda bo‘layotgan voqealarni obdon kuzatib, xulosalarini, o‘y-mulohazalarini badiiy matnga singdirishga harakat qilgan.

Badiiy asar hayotiy material negiziga quriladi. Unda badiiy komponentlar qatnashadi. Tili, fabulasi, g‘oyasi, makon-zamoni, obrazlar tizimi, xarakterlar orqali badiiy asarning qadr-qiymatini baholash mumkin. Agar aytiladigan fikr ezgu bo‘lsayu, uni qo‘pol va baland ovozda yetkazilsa, ko‘ngilni xira qiladi. Xuddi shuningdek, badiiy asarda ham g‘oya va mavzuning originalligi boshqa nuqsonlarni bekitib qo‘ya olmaydi.

Asarni bir o‘tirishda o‘qib chiqdim. O‘ylashimcha, qissada berilgan hujjatli matnlar o‘quvchini biroz zeriktirishi mumkin. Muallif hayotiy materiallarni yig‘arkan, uni badiiy matnga aylantirishda biroz hafsalasizlik yoki dangasalik qilgan. Mutolaadan keyin menda ba’zi savollar tug‘ildi. Masalan, Orif nega o‘sha xabardan keyin birdan suv muammosi haqida o‘ylab qoldi? Vaholanki, uning ish joyi suv bilan bog‘liq tashkilot edi. Yoki Barno asarda nega paydo bo‘ldiyu, yana shu tariqa izsiz yo‘qoldi? Uning asardagi missiyasi nima edi? Asarga Boho cho‘ntak obrazini kiritishdan maqsad nima? Va hokazo 4-5 savol o‘ylantirdi.

“Pichirlangan sirlar”da obrazlarning nutqi masalasida ham ba’zi savollar bor. Muallif asarda keltiradigan maqolalar, hujjatlar tili bilan qahramonlari tilida o‘xshashliklar bor. Ba’zan juda kitobiy gapirib qo‘yishadi. Ayniqsa, o‘g‘ri Baho cho‘ntak obrazi professorlardan kam gapirmaydi. Uning nutqidagi “ijtimoiy ehtiyojlar”, “madaniy qadriyatlar” kabi jumlalar bunga dalil. Yoki feministkalaru qo‘shxotinlik haqidagi gap-so‘zlar qahramonni ko‘p chalg‘itgan. Suv muammosiday ulkan dardni o‘ziga yuqtirgan insonga bu gap-so‘zlar ortiqchaday tuyuladi.

“Pichirlangan sirlar”ning kompozision qurilishi menga yoqdi. Biroq lavhalar, suvning insoniyatga maktubi va hokazo hujjatli parchalarni badiiy asarning umumiy syujeti bilan uyg‘unlashtirishda muallifga biroz tajriba yetishmaganday tuyuldi. Yoki hafsalasizlik qilgan. Asarda hujjatli materiallar ko‘p deb o‘ylayman.

Asosiysi, muallif shijoat ko‘rsatgan, jur’at topgan. Yaxshimi, yomonmi bir qissa paydo bo‘ldi. Kitobning fazilatlari haqida so‘zlay turib, ba’zi nuqsonlari haqida ham yozish kerak deb o‘yladim. Albatta, bular kaminaning shaxsiy qarashlari va fikrlari, xolos. Muallifning keyingi ijodiga omad tilayman. Yangi kitob muborak bo‘lsin!

Xurshid Abdurashid

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan