Dilsora Mirzaahmedova: “Xitoyda hamma bir-birini senlaydi, oʻqituvchiligingizni bilib qolishsa, darrov sizlay boshlashadi”.

Pekin shahrida joylashgan Markaziy millatlar universitetining o‘zbek tili o‘qituvchisi Dilsora Mirzaahmedova Xitoyning oʻqituvchilarga eʼtibori, taʼlim va kitobxonlik kabi mavzulardagi savollarimizga javob berdilar.

Hozirda mehnat faoliyatingizni Xitoyda olib borar ekansiz. Bu mamlakatga ilk safaringiz qanday boʻlgani va u yerda qolishingizga nimalar turtki boʻlgani haqida gapirib bersangiz.

— Biz Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti Xitoy tili yoʻnalishida oʻqirdik. Davlat granti yutib, ilk bor 2007-yilda Xitoyning Chanchun shahriga oʻqishga kelganman. Toshkentdan Pekinga samolyotda uchib kelib, Pekindan Chanchungga poyezdda ketganmiz. Xayolimizga kelgan ilk fikr “Oʻqituvchimiz bizni aldabdi” degan gap boʻlgan, chunki oʻqituvchimiz soʻzlab bergan Xitoy sehrli, goʻzal, hamma joyi toza mamlakat edi. Uning yomon tomonlari haqida esa lom-mim demagan. Shu tariqa bu mamlakatga kelishimiz bilanoq “madaniy shok”ni boshimizdan oʻtkazganmiz. Boshida biroz qiyin boʻlgan, keyinchalik sekin-sekin koʻnikkanmiz.
Bu yerda qolishimga sabablar asosan ikkita. Birinchidan, yaxshi ish taklif qilishgan, ikkinchidan, farzandimning xalqaro muhitda, yaʼni koʻp tillarni bilib oʻsishini xohlaganman. Hozir bu maqsadimizga deyarli erishdik, qizim 4 ta tilda gaplasha oladi.

— Xitoy Markaziy Millatlar Universitetida sizdan boshqa oʻzbek oʻqituvchilar ham bormi? Oʻzbek talabalar-chi?

— Xitoy Markaziy Millatlar Universitetida hozirgi paytda boshqa oʻzbek oʻqituvchi yoʻq. Avvalroq qisqa muddat ishlashgan. Xitoy tili va boshqa yoʻnalishlarda oʻqiyotgan oʻzbekistonlik talabalar bor. Adashmasam, shu yilning oʻzida 10 ga yaqin oʻzbekistonlik yoshlar oʻqishni boshlashdi.

— Baʼzida hammasiga qoʻl siltab Oʻzbekistonga qaytish haqida oʻylab qolganmisiz?

— Har kuni kamida 30 marta hammasiga qoʻl siltab Oʻzbekistonga qaytgim keladi. Yoshlikda unchalik bilinmaydi, shoshib-pishib ish bilan, oʻqish bilan yugurib yurasiz. Lekin yaqinlaringiz yoshi ulgʻayaversa, birin-ketin ularni yoʻqotishni boshlaganingizda musofirchilikning haqiqiy qiyinchiligini tushuna boshlaysiz. Chunki ular bilan koʻrishish mumkin boʻlgan har bir soniya, har bir lahza gʻanimat boʻlishi mumkin. Shularni oʻylab koʻpincha ketgim keladi, lekin, shukrki, hozir eng yaqin insonlarim yonimda.

— Xitoyda oʻqituvchilarning mavqei qanaqa? Hukumat oʻqituvchilar uchun qanday imtiyozlar joriy etgan?

— Xitoyda hamma bir-birini senlaydi, oʻqituvchiligingizni bilib qolishsa, darrov sizlay boshlashadi. Eshiklarni ochib berib mulozamat qilishadi. Bozorlarda ham “Oʻqituvchiman” desangiz, sizga hurmat bilan muomala qilishib, narxlarni arzonlashtirib berishadi. Universitetlarning oʻzlari ham turli imtiyozlar beradi, bayramlarda sovgʻa-salomlar ulashadi. Hukumat ham oʻqituvchilar uchun koʻplab imtiyozlar joriy qilgan. Xorijlik va xitoylik oʻqituvchi oʻrtasida farq bor, ular oʻzlarining oʻqituvchilariga koʻproq imtiyoz berishadi. Chunki bizning maoshimiz ularnikiga qaraganda yuqori. Masalan, xitoylik oʻqituvchi ishlayotgan muassasada uning farzandi davlat byudjeti hisobidan oʻqishi, ishxona tomonidan taqdim etiladigan uylarga ega boʻlishi, avtomobil va boshqa ehtiyojlari uchun imtiyozli kreditlardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, oʻqituvchilik guvohnomangizni koʻrsatsangiz, sizga 15 foiz chegirma taqdim etadigan kitob doʻkonlari bor.

Xitoyda oʻqituvchilarni juda qattiq hurmat qilishgani uchun koʻpchilik ota-onalar farzandining oʻqituvchi boʻlishini xohlaydi. Mening ilmiy rahbarim ham: “Qizim oʻqituvchi boʻlishini xohlagandim, afsuski, oʻqituvchi boʻlib jiddiy kasb bilan shugʻullanish oʻrniga yengil-yelpi hayotni tanladi”, ‒ deb qoʻyadilar. Aslida, qizlari katta kompaniyada ishlaydi.

Oʻqituvchi va talaba oʻrtasidagi munosabat juda iliq boʻladi. Talabalar oʻzlarini ustozlaridan bir umr qarzdordek his qilishadi. 10 yil oʻqituvchilik qilgan odamning ancha-muncha joyga “qoʻli yetadigan” boʻlib qoladi, yaʼni hamma joyda tanishi bor, hamma joyda shogirdlari bor. Shuning uchun ham oʻqituvchi boʻlishni juda xohlashadi.

Oʻqituvchilar kasal boʻlib qolsa, universitetimiz shifoxonasida davolanib chiqishi mumkin. Bundan tashqari, oʻqituvchilar uchun universitetda halol oshxona bor, atiga 4 yuanga tushlik qilamiz, bu deyarli tekin degani.

— Oʻzbekistonda oʻqituvchilar mavqeini koʻtarish uchun qanday takliflar bergan boʻlardingiz?

— Birinchi navbatda, oʻqituvchilarning bilimini koʻtargan boʻlardim. Ikkinchidan, ularga turli ijtimoiy imtiyozlar taqdim etgan boʻlardim, masalan, salomatlik uchun sugʻurtalar, uy olish uchun imtiyozli kreditlar. Oʻqituvchilarning farzandlari davlat granti asosida oʻqishiga imkon berilishini xohlardim. Chunki oʻqituvchi jamiyatning asosiy negizidir. Oʻqituvchi yaxshi boʻlsagina, taʼlim sifatli boʻladi, rivojlanish boʻladi. Sharoit ming zoʻr boʻlmasin, sifatsiz bilim oladigan oʻqituvchi dars beradigan boʻlsa, hamma narsa tanazzulga yuz tutadi. Shuning uchun ularning ilmini koʻtarish va imtiyozlarni oʻqituvchilardan boshlash kerak.

— Oʻqituvchi sifatida sizni nimalar koʻproq tashvishga soladi?

— Oʻqituvchilarga hurmatsizlik qilishlari, nazarga ilmasliklari koʻproq tashvishlantiradi. Qolaversa, oʻqituvchilarning oʻzidagi yosh tafovutini hisobga olmasliklari ham bor. Masalan, bizning oʻqigan davrimizdagi kitoblarni hozirgi bolalar oʻqimaydi, umuman olganda, kitob oʻqimay qoʻyishdi. Oʻylab qarasam, bolalarimizning axborot olish usuli oʻzgardi. Demak, ular video, audio formatda axborot ola boshlashgan ekan, biz ularga yaqinlashish uchun, ular bilan hamnafas boʻlish uchun oʻzimiz ham shu narsalardan boxabar boʻlishimiz kerak. Erinmasdan, doimiy ravishda oʻz ustimizda ishlashimiz lozim.

— Raqamli texnologiyalar rivojlanishi oʻqituvchi uchun qanday qulayliklar yaratdi, oʻz navbatida, uning salbiy jihatlari ham sezildimi?

— Raqamli texnologiyalar rivojlanishi oʻqituvchi uchun juda qulay, masalan, hozir men katta kompyuterimni universitetga olib borib oʻtirmayman. Hamma materiallarimni “WeChat”imga yoki elektron pochtamga tashlab qoʻyaman va ishxonadagi alohida kompyuterimdan ochib olaman, uyda tayyorlagan narsamdan bemalol foydalansam boʻladi. Raqamli texnologiyalarning foydasi koʻproq. Universitetimizda foydalanadigan uskunalarimizning hammasi eng zamonaviylari, ularni hazillashib raketa deyman. Chunki oʻqituvchining stoli baland, bir vaqtning oʻzida ham online, ham offline dars oʻtish imkoniyati bor. Noqulay tomonlari ham seziladi. Masalan, talabaga vazifa bersangiz, darrov ChatGPT orqali tayyorlab keladigan paytlari ham boʻlyapti. “Men bu narsani sizlardan ham yaxshiroq bilaman, agar sunʼiy intellektdan foydalanib kelgan boʻlsangiz, 0 qoʻyib beraman”, ‒ deb ularni oldindan ogohlantirib qoʻyaman.

— Xitoy adabiyotiga munosabatingiz qanday? Oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan, lekin tarjima qilinishi shart deb hisoblaydiganingiz mualliflar yoki kitoblar haqida gapirib bering.

— Xitoy adabiyoti ‒ juda keng va katta adabiyot. Oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan, lekin qilinishi kerak boʻlgan asarlar koʻp. Masalan, Mo Yan, A Yi, Yu Hua kabi yozuvchilarning asarlari. Xitoyning juda goʻzal sheʼriyati bor. “Dengiz qaysi sahifasini ochsa, men oʻsha sahifasini borib oʻqiyman” degan chiroyli sheʼrlari bor. Shunga oʻxshash sheʼrlarni tarjima qilish kerak, lekin badiiy didi yuksak ijodkorlar bilan hamkorlik qilgan yaxshiroq deb oʻylab qolaman, bu borada oʻzimning rejalarim ham bor.

— Koʻproq kitob oʻqishga vaqt topish uchun vaqtni qanday taqsimlashni maslahat berasiz?

— Bu ‒ men uchun juda ogʻriqli mavzu. Juda kam kitob oʻqiydiganlar qatoriga kirib qoldim, lekin imkon qadar koʻproq mutolaaga vaqt ajratishga harakat qilaman. Hech boʻlmaganda uyqu oldidan 1 soat kitob oʻqish kerak. Yaqinda yangi usulni oʻylab topdim. Taksida, avtomobilda emas, metroda, avtobusda yuraman, ishga borish uchun 1 soat ketsa, demak, 1 soat kitob oʻqiyapman.

Dadam haqiqiy kitobxon odam boʻlganlar. Dadamning bitta kitobni qayta-qayta oʻqiganlarini koʻrib:
‒ Nega bitta kitobni takror-takror oʻqiyverasiz? ‒ deb soʻrardim.
‒ Har safar oʻqiganingda bittadan harfi tushib qolgan boʻladi. Qaytadan oʻqiganingda oʻsha harf qoʻshiladi va yangicha mazmun beradi. Shuning uchun kitoblarni qayta-qayta oʻqish kerak, ‒ deb javob berardilar.

Bu odat menga ham oʻtgan. Hozirgi kunda oldin oʻqigan kitoblarimni qaytadan oʻqishni boshladim. Boshqacha nazar va boshqacha dunyoqarash bilan oʻqiyapman, koʻp narsalarni endi tushunayotgandekman.

Bolalarni kitob oʻqishga oʻrgatish usullaridan biri ‒ taʼlim dasturiga mutolaa darslari qoʻyilishi kerak. Maktab, litsey, hatto universitetlarda ham. Chunki bizga doktoranturada mutolaa darslari qoʻyilgan edi, haftada bitta kitob oʻqib kelib, kursdoshlarimiz bilan muhokama qilardik. Aynan oʻshanda oʻqigan kitoblarim hozir ish jarayonida koʻproq asqatadi.

— Oʻquvchi-shogirdlaringizga eng koʻp takrorlaydigan 3 ta nasihatingiz…

— Oʻquvchi-shogirdlarimga eng koʻp takrorlaydigan 3 ta nasihatim – oʻqing, oʻqing, oʻqing.

Oʻqing deganda faqat kitob oʻqish emas, til oʻrganish, umuman, bilim olishni nazarda tutaman. Badiiy kitob ham oʻqish kerak, odamning saviyasi oshadi. Men talabalarim koʻp narsani biladigan va oʻqimishli kadrlar boʻlib chiqishlarini juda xohlayman. Mening guruhimda aʼlochi talabalar saralab olingan, shunga xursand boʻlaman. Birinchi kursda dars berganimda ular 24 nafar edi. Ikkinchi kursda 2 guruhga boʻlinishi va menda 12 talaba qolishi kerak boʻlgan. Keyin 23 kishi mening guruhimda qolmoqchi ekanligini bildirib ariza yozishgan. Dekanimiz qozoq tiliga ham kimdir oʻtishi kerak deb ruxsat bermaganlar. Shunda eng yaxshi oʻqigan 12 kishiga tanlov imkoniyatini beramiz deyishgan. Hozir guruhimga eng yaxshi oʻqigan 12 talaba kiritilgan. Ularga shunaqa rohatlanib dars oʻtamanki, asti qoʻyavering, hammasi aqlli, hammasi bitta gapdayoq ilib oladi. Shunaqa talabalarni oʻqitish nasib etganidan xursand boʻlib ishlayman.

Universitetda ishlayotganimga necha yil bo‘lishiga qaramasdan, biror kun ham xohishsiz bormadim. Qorlarda qolib ketsam ham, sovuqda qolib ketsam ham, uzoq bo’lsa ham, hozirgi o’quv binomiz shahar chetida joylashgan, yo‘lning o‘ziga qariyb 2 soat vaqt ketadi, doim kulib, yaxshi kayfiyat bilan ketaveraman. Hech bir kun nolimadim. Chunki odam o‘z ishini sevsa, u odamga baxt, quvonch, xursandchilik olib keladi. Charchasangiz ham bilinmaydi. Shu sababli hammaga o‘zi yaxshi ko‘rgan ishni tanlashini tavsiya qilgan bo‘lardim.

Abbos Serobov suhbatlashdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan