«Aziz Nesin hikoyalari men uchun bolaligim hikoyasidir»

Bolaligimda tuman kutubxonasining bir necha ming kitobini oʻqib chiqqanman. U paytda na bir bukblogerlar, na bir yoʻl koʻrsatuvchi odam bor edi. Adabiyot darslarida nima qilganimiz esimda yoʻgʻu, har holda kitob haqida gaplashmaganimiz aniq. Juda koʻp kitobni tushunmasdan oʻqib tashlayverganman, shu bois yodimdan koʻtarilgan. Biroq Aziz Nesin yodimda qolgan.

Uning bolalar haqidagi hikoyalari qandaydir shoʻx, quvnoq, samimiy ruhda yozilgandi. Oʻsha hikoyalardagi bolalar atrofimdagilarga juda oʻxshardi. Ularning oʻylari, oʻyinlari tanish edi. Balki shu uchun ham yodimda qolib ketgandir.

Ulgʻaygach esa Aziz Nesinning boshqa qirralarini kashf qildim. Endi u bolalar haqida yozadigan tasavvurimdagi xarizmatik amaki emas, isyonkor shaxs edi. Turkiya koʻchalarida minglab olomon uni oʻldirish uchun koʻchaga chiqqandi oʻz zamonida. Aziz Nesin jamiyat yuziga koʻzgu tutgandi, odamlarga esa koʻzgudagi qiyofalari yoqmagandi.

Uning hikoyalari yumorga boy. Shu bilan birga tag ma’noda achchiq istehzo sezilib turadi. Kitob doʻkonlarida kitoblarini baʼzan koʻrib turardim. «Akademnashr»dan yaqinda hikoyalari nashr qilinibdi Aziz Nesin hikoyalari men uchun bolaligim hikoyasidir.

Ilhom Salimov

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan